Insonparvarlik-Nodira lirikasining yetakchi xususiyati


Reja

  1. Nodiraning hayot yo’li.
  2. Shoira ijodi to’g’risida.
  3. Yorsiz ko’ngil nolalari.

Nodiraning hayot yo’li. Asli ismi Mohlaroyim bo’lib, Andijon hokimi Rahmonqulbiyning qizidir. Otasi Qo’qon xonligida yetakchi mavqeda bo’lgan ming urug’ining e’tiborli kishilandan edi. U qizini har tomonlama yetuk tarbiya topishiga alohida e’tibor berdi. Go’zal va oqila Mohlaroyimning ta’rifi atrofga yoyila bordi. Uning ta’rifini eshitgan Marg’ilonning yigirma yoshli hokimi, Qo’qon xoni Norbo’tabiyning o’g’li Umarbek 1808- yilda unga uylanadi. 1810-yilda Olimxon o’ldirilgandan so’ng, Umarbek akasining o’rniga xon qilib ko’tariladi. Umarxon va Mohlaroyim birgalikda qisqa, lekin baxtiyor va mazmunli hayot kechirdilar. Ulardan Muhammad Alixon va Sulton Mahmud ismli o’g’illar tug’ildi.

1822-yilda Amir Umarxon vafot etadi. Bu endigina o’ttiz yoshga kirgan shoira uchun og’ir hayot zarbasi edi. Lekin u o’zini yo’qotmadi, ayriliqdan sarosimaga tushmadi Iroda kuchini to’plab, o’n to’rt yashar o’g’li Muhammad Alixonni otasining o’rniga xon qilib ko’tardi. Uning yonida maslahatchi va ko’makchiday bo’lib tursada, aslida mamlakat mas’uliyatini, xalq tashvishini o’z zimmasiga olgan edi. Uzlat, Mahjur taxalluslari bilan ko’plab asarlar yozgan shoir Nodir o’zining “Haft gulshan” (“Yetti gulshan”) dostonida uni “Bilqisi mamoliki jahondur” (jahon mamlakatlarining Bilqisi) deb atagan edi.

Nodira ijod ahlini o’ziga yaqin tutuvchi inson sifatida qalam tutgan ayollarni atrofiga jipslashtirdi, ularga homiylik qildi. Natijada Qo’qonda ayollardan ham iborat adabiy muhit vujudga keldi. Shoir Nodirning “Haft gulshan” asarida shunday satrlar bor:

Yig’ibon har tarafdin necha xotun,

Barisi fazl-u donish ichra otun.

Bari Zebunisodek erdi shoir,

Bari Maryam kabi zuhd ichra mohir.

Banning fahmi bir-birdin fuzunroq,

Banning ilmi bir-birdin uzunroq.

1842-yilda Buxoro amiri Nasrulloxon Qo’qonda islom ahkomlari oyoq osti qilindi deb e’lon qildi va shariatni tiklamoq iddaosi bilan mamlakatga bostirib kirdi. Shoiraning o’g’illari: Muhammad Alixon, Sulton Mahmudxon va o’n ikki yoshli nabirasi Muhammad Aminni Nodirabegim ko’zi oldida qatl etdi. So’ng Nodiraning o’zini ham azoblab o’ldirtirdi.

Shoira ijodi to’g’risida. Yuksak iqtidor egasi bo’lmish shoira asarlarida “Nodira”, “Komila”, “Maknuna” (yashirin) taxalluslarini qo’llagan. U zullisonaynlik an’anasini davom ettirib, o’zbek va tojik tillarida ijod etdi. Forscha she’rlariga ko’pincha keyingi ikki taxallusini qo’ygan. Mutaxassislarning fikricha, asarlarining umumiy miqdori o’n ming misraga yaqin.

Nodira sohibi devon ijodkordir. Mumtoz adabiyotning bir qator janrlarida barakali ijod qilgan shoira avvalo ishq kuychisi sifati namoyon bo’ladi. “Et” radifli g’azalida yozadi:

Kuyib, ey Nodira, olam eliga

Muhabbat shevasini oshkor et.

Ko’rinadiki, Nodiraning hayot va ijoddagi maqsadi muhab­bat shevasini olam ahliga oshkor etishdan, ularga muhabbatdan saboq berishdan iborat. U ishq talqinida ijod va ma’naviyatda ustozi avval bo’lgan Ahmad Yassaviyga ergashadi. Agar piri Turkiston bo’lmish Yassaviy “Ishqsiz odam hayvon jinsi muni biling”, “Ishqsizlarning ham joni yo’q, iymoni yo’q” deb bong urgan bo’lsa, Nodira

Muhabbatsiz kishi odam emasdur,

Gar odamsan, muhabbat ixtiyor et, —

kabi unga hamohang baytlar bitadi. Bu oliy tuyg’uni ibodat darajasida biladi va “ishq namozini ado” etishini bildiradi.

Nodira, avvalo, majoziy muhabbatni tarannum etadi. Chunki majozda komil bo’lmay, haqiqatga yuksalib bo’lmaydi. Shuning uchun g’azallarida o’z yaqinlari, uni qurshab turgan ko’ngildosh kishilarga mehrini, muhabbatini bayon etadi. Ayniqsa, turmush o’rtog’i, ijodda ustozi, hayotda suyanchig’i bo’lmish Amiriy — Umarbekka bag’ishlab yozgan she’rlari talaygina.

Amir Umarxonning vafoti Nodiraga cheksiz iztiroblar, so’ngsiz qayg’ular olib keldi. Bu shoira she’riyatida anduh, g’am, hijron ohanglarimng yuzaga kelishiga sabab bo’ldi. Shoira bir g’azalida:

Vasl uyin obod qildim, buzdi hijron oqibat,

Seli g’amdin bu imorat bo’ldi vayron oqibat, — deya ayriliq asoratlarini chizsa, boshqasida:

Nigori gulbadanimni tushimda ko’rsam edim,

Labi shakkar shikanimni tushimda ko’rsam edim, — kabi misralarda ilojsizlik ohangida zo’r qayg’u bilan ojiz ilinjlarni bayon etadi. Shu tariqa qonli ko’z yoshlarni siyoh qilib dildagi ohlarini qog’ozga yozib,biroz bo’lsada ko’nglini bo’shatmoqchi bo’ladi.

Nodira she’riyatida didaktik xarakterdagi she’rlar ham uchraydi. Ulardan biri “ehtiyoj” radifli g’azalidir.

Qilmag’il, zinhor izhor ehtiyoj,

Kim, aziz elni qilur хот ehtiyoj.

Odam qadrini har nedan ustun deb biladigan Nodira kishi har qancha muhtoj bo’lmasin bu haqida hech kimga bildirmaslik va aytmaslikni uqtiradi. Chunki ehtiyojlarni o’zgalarga aytish, muhtojlikdan shikoyat aziz odamni ham xor etadi. Do’stlaring ehtiyojingni bilgach, sendan yuz o’girishi yoki besabrliging tufayli ko’ngillari qolishi mumkin. Buni ta’kidlagan shoira keyingi baytlardan birida: “Gar tilarsen obro’ ahbob aro, Aylama zinhor izhor ehtiyoj” deb nasihat qiladi.

“Abas” (bekor, befoyda ma’nosida) radifli g’azalida pand so’zlari to’g’ridan to’g’ri hukmdorlarga qaratilgandir. Shoira she’rni keng, falsafiy miqyoslarda boshlab, e’tiborni shohlikka burib, shunday yozadi:

Fuqaro holig’a gar boqmasa har shoh, anga

Hashmat-u saltanat-u rifat-u shon, barcha abas.

Shoh uldurki, raiyyatga tarahhum qilsa,

Yo’q esa, qoidai amn-u amon, barcha abas.

Demak, xalq ahvoli hamisha shohning diqqat markazida turishi kerak. Agar shoh fuqaro holiga boqmasa, uning hashamati-yu saltanati, shon-u shuhratining hech kimga keragi yo’q. Majoziy ishq o’sib haqiqiy — ilohiy ishqqa yetganidek, Nodiraning she’rlaridagi muhabbat talqini so’fiyona mazmun kasb eta boradi. Shoira Yaratganga qarata: “Ey jamoling quyoshi (mehri) olamga oroyish, chiroy beruvchi, dunyoda ne borki jamisi, bugina emas, ularni tashkil qilgan zarralarning barchasi ham yuzungga oshiq, mast-u shaydo”, deya xitob qiladi. Quyidagi baytlarda esa shoira bu dunyoning, inson hayoti mazmunining so’fiyona talqinini beradi:

Kel, dahrni imtihon etib ket,

Sayri chamani jahon etib ket…

Maqsad hi edi, jahoni kelding,

Kayfiyatini bayon etib ket…

Dunyo (dahr) imtihon maydonidir. Unda inson sinaladi, imti­hon qilinadi. Ayni paytda u agar oqil bo’lsa, dunyoni, dunyo odamlarini ham sinovdan o’tkazadi. Kishi bu hayotga nega kelganligini to’g’ri anglashi kerak. Maqsad — yeb, ichib, xursandchilik qilib o’tish emas. Bu hayot insonga poklanish uchun berilgan muddat ekan, uni oqilona yashab o’tish lozim.

Ko’rinadiki, shoira she’rlarida suyukli yor izhorlari, hijron jafosidan zada ko’ngil fig’onlari, oqila malika o’gitlari, solik qalb izlanishlari zo’r samimiyat bilan aks ettirilgandir.

Yorsiz ko’ngil nolalari

Nodiraning “Yorning vasli emas ozorsiz” g’azali quyidagi satrlar bilan boshlanadi:

Yorning vasli emas ozorsiz,

Gulshan ichra gul topilmas xorsiz.

Yorning vasliga yetish hech qachon mashaqqatsiz ozorsiz bo’lmaydi. Bu go’yo gulzorda tikan (xor)siz gul bo’lmagani kabidir. Shoira fikrni aytaturib uning isbotiga tabiatdan misol topadi va shu tariqa aytganlarini dalillashga harakal qiladi. She’r ilmida bu tamsil san’ati deyiladi. Ikkinclu baytda Nodira hayotidagi og’ir yo’qotishlarni bayon eta boshlaydi:

Ul parivash vaslidin bo’ldim judo,

Rohati dil qolmadi dildorsiz.

“Parivash” so’zi orqali odatda ma’slniqa ayol ta’nt etiladi To’g’rirog’i, aksar hollarda shunday tushuniladi. Aslida bu so’z orqali jinsidan qat’iy nazar har qanday yor obrazi ifodalanishi mumkin. Parivash pariga o’xshash degan ma’noni anglatadi. Parilar asli jinlar qavmidan bo’lib, ular o’tdan yaratilganlarShundan kelib chiqsak, “parivash” oshiq ko’ziga o’tday yoniq ko’rinuvchi va yana ko’ngil qo’ygan kishini o’tday kuydiruvchi ma’nosi anglashiladi. Demak, Umarbekninq o’limi Nodirani hijron o’tlariga yoqib ketdi. Bu o’rinda sirtdan qaraganda noo’rin qo’llangan parivash so’zi aslida ayni o’z joyini topgan ifodadirG’azalning uchinchi baytida an’anaviy markaziy obrazlardan biri bo’lmish ag’yor tilga olinadi:

Yor uchun ag’yor dardin tortaman,

Ko’rmadim bir yorni ag’yorsiz.

Shoira she’rda tasvir kuchini oshirish uchun qarama-qarshi so’zlar, o’zaro zid tushunchalarga asoslanadigan tazod badiiy vositasini qo’llaydi. Yor-ag’yor munosabati bir tomondan mazmunni bo’rttirsa, ikkinchi tomondan bu so’zlarning tovush tarkibidagi uyg’unlik baytga ajib bir musiqiy ohang baxsh etgan.

Tan buzuldi, endi rohat qolmadi,

Soya paydo bo’lmadi devorsiz.

Baytdagi tan buzilishi ruhiy muvozanatga ishoradir. Yordan ayrilgan, ag’yor dardini tortayotgan odamda ruhiy muvozanat buzilishi tabiiy. Bu o’znavbatida insondan halovat, rohat ketishiga sabab bo’ladi. Bu yerda ham tamsil san’ati qo’llangan bo’lib, yuqoridagi ruhiy holatni soya devorsiz paydo bo’lmasligi misoli bilan dalillaydi. Keyingi baytda an’anaga muvofiq lirik chekinish qilinadi:



Berma nisbat qaddig’a, ey bog’bon,

Sarvdur bu bog’ aro raftorsiz.

Ya’ni, ey bog’bon, sen yoming tik qadini sarvga o’xshatmagin. Chunki harakatsiz, joyidan qo’zg’olmaydigan sarv qayda-yu xiromon yurish bilan barchani maftun etadigan yor qayda. Ularni bir-biriga nisbatlab bo’ladimi!? Aslo! Baytda Nodiraning an’anaviy tasvirga yangicha, o’ziga xos yondashganini ko’ramiz. Ungacha barcha shoirlar ma’shuq(a) qadini sarvga qiyoslab, go’zallik timsoli sifatida olgan bo’lsalar, bu yerda ular o’zaro qarshilantirilmoqda va hech qanday sun’iylik, mantiqsizlikka yo’l qo’yilgani yo’q. Bu yuksak badiiy mahorat belgisidir.

Nodira ahvolidin ogoh bo’ling,

Ey musohiblarki, qolmish yorsiz.

G’azal davomida ahvoli ruhiyasini baytma-bayt sharhlagan shoira maqta’da musohiblari — yaqin suhbatdosh, do’stlariga qarata o’z ahvolidan ogoh bo’lish o’tinchini aytib, she’rni mahzun kayfiyatda yakunlaydi.
Tayanch tushunchalar:

Nodira
“Haft gulshan”
Parivash
“Abas”
“Komila”
“Maknuna”
Uchqo’rg’on tuman xalq ta’limi bo’limiga qarashli 32-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabining ona tili va adabiyoti fani o’qituvchisi Xakimova Muhayyo

By admin